Abstract
Mazkur maqolada Janubiy O‘zbekiston hududida tarqalgan Xo‘jabarku–Malyangur paleovulqoni andezitlari va ularning tuflarining petrografik xususiyatlari o‘rganilgan. Tadqiqotda tog‘ jinslarining makroskopik va mikroskopik belgilari, mineral tarkibi, strukturasi, teksturasi, porfirli ajralmalari hamda ikkilamchi o‘zgarishlari tahlil qilingan. Andezit, andezibazalt, kvarsli andezit, andezidatsit va tufogen jinslarning petrografik xususiyatlari polarizatsion mikroskop yordamida o‘rganilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan vulkanogen jinslarda plagioklaz, amfibol, kvars va boshqa minerallar ishtirok etishi, asosiy massada esa mikrolitli, gialopilitli, intersertal va pilotaksitli strukturalar rivojlanganligi aniqlangan. Ayrim minerallarda sossyuritlashish, xloritlashish, epidotlashish, karbonatlashish va seritsitlashish kabi ikkilamchi o‘zgarishlar qayd etilgan. Olingan petrografik ma’lumotlar Xo‘jabarku–Malyangur paleovulqonidagi vulkanik jarayonlarning rivojlanish xususiyatlari va vulkanogen jinslarning shakllanish sharoitlarini aniqlashtirish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.